SOLIQLAR VA BOSHQA MAJBURIY TO’LOVLARNI TO’LASHDAN BO’YIN TOVLASH HAMDA BYUDJET MABLAG’LARINI TALON TAROJ QILISHGA QARSHI KURASH SOLIQLAR VA BOSHQA MAJBURIY TO’LOVLARNI TO’LASHDAN BO’YIN TOVLASH HAMDA BYUDJET MABLAG’LARINI TALON TAROJ QILISHGA QARSHI KURASH

##plugins.themes.bootstrap3.article.main##

B. Xolmurodov

Аннотация

Maqolada mamlakatimizda hozirgi kunda soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’lashdan bo’yin tovlash hamda byudjet mablag’larini talon taroj qilishga qarshi olib borilayotgan chora tadbirlar va shunday ishlarni amalga oshirganlarga qarshi qo‘llanadigan ma’muriy va jinoiy jazolar haqida so‘z yuritilgan.


O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 51-moddasiga muvofiq fuqarolar qonunda belgilangan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashga majburdirlar.
O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar amal qiladi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning davlat tomonidan belgilangan soliq, yig‘im, boj va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lamasligi, foyda (daromad)ni yoki soliq solinadigan boshqa o‘bektlarni qasddan yashirishi, kamaytirib ko‘rsatishi, shuningdek, soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan o‘zga tarzda, jumladan, nazorat-kassa mashinalarining fiskal xotirasi xizmati dasturini noqonuniy o‘zgartirish yo‘li bilan qasddan bo‘yin tovlashi byudjet siyosati barqarorligiga putur yetkazadi. Soliqdan yashirilgan mablag‘lardan, aksariyat hollarda, jamiyat manfaat-lariga zid ravishda foydalanilishi soliq qonunchiligi sohasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarning ijtimoiy xavfliligini oshiradi. Bundan tashqari, soliq turlaridan bosh tortish, boshqa jinoyatlarni sodir etish yashirin iqtisodiyot shakllanishi uchun zamin yaratadi, bozor munosabatlari rivojlanishi va faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, byudjet siyosatining barqarorligini buzadi, jamiyatda ijtimoiy keskinlik va siyosiy beqarorlikni vujudga keltiradi. Buning hammasi tahlil qilinayotgan qilmish iqtisodiyot sohasida sodir etilayotgan eng og‘ir jinoyatlardan hisoblanishini tasdiqlaydi. Shu nuqtai nazardan tahlil etilayotgan jinoyatning bevosita obekti soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash yuzasidan o‘rnatilgan tartibni ta‘minlovchi ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi.
Soliqlar deganda O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan, muayyan miqdorlarda undiriladigan, muntazam, qaytarib berilmaydigan va beg‘araz xususiyatga ega bo‘lgan, byudjetga yo‘naltiriladigan majburiy pul to‘lovlari tushuniladi (SK 12-m. 1-q.).
Soliqlarga quyidagilar kiradi:
1) yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i;
2) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
3) qo‘shilgan qiymat solig‘i;
4) aksiz solig‘i;
5) yer qa‘ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to‘lovlar;
6) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
7) mol-mulk solig‘i;
8) yer solig‘i;
9) yagona soliq to‘lovi;
10) jismoniy shaxslardan transport vositalariga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq.
Qonunda belgilangan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashning ijtimoiy xavfliligi soliq to‘lovchilar tomonidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq hajmda to‘lashga oid majburiyatni qasddan bajarmaslikdan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga pul mablag‘lari tushmay qolishiga olib keladi. Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan boshqa tarzda qasddan bo‘yin tovlash soliq to‘lovchining davlat soliq xizmati organlariga soliq hisoboti hujjatlarini yoki soliq qonunchiligiga muvofiq taqdim etilishi shart bo‘lgan boshqa hujjatlarni qasddan taqdim etmaslikdan iborat har qanday boshqa qilmishlarida ifodalanadi. Qonunda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan ancha miqdorni tashkil qilmagan (bazaviy hisoblashning yuz baravarigacha bo‘lgan) miqdorda qasddan bo‘yin tovlash yoki birinchi marta ancha (bazaviy hisoblashning yuz baravaridan uch yuz baravarigacha bo‘lgan) miqdorda sodir etilganligi uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 174-moddasining birinchi va ikkinchi qismlari. Agar shaxs soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 174-moddasining ikkinchi qismi bo‘yicha ma’muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng bir yil davomida shunday qilmishni yana ancha miqdorda sodir etsa, JK 184-moddasining birinchi qismi bo‘yicha jinoiy javobgarlik kelib chiqadi. Shuni nazarda tutish lozimki, agar soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlaganlik natijasida ko‘p yoki juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik ma’muriy preyuditsiyaga rioya qilinmagan holda (ya’ni shaxsning muqaddam soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilishi talab etilmaydi), tegishlicha, Jinoyat kodeksi 184-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi yoki uchinchi qismi bo‘yicha kelib chiqadi. Soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq jinoyat ishlari yuzasidan surishtiruv, tergov yuritish hamda ularni sudda ko‘rishda bunday jinoyatlarni yashirishga ko‘maklashgan barcha shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilishi shart. JK 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatga rahbarlik qilgan yoki ushbu jinoyatni sodir etishga soliq to‘lovchi tashkilot
boshlig‘i, bosh (katta) buxgalteri, boshqa xizmatchilarini undagan yoxud o‘zining maslahatlari, ko‘rsatmalari bilan jinoyatni sodir etishga ko‘maklashgan shaxslar tashkilotchi, dalolatchi yoki yordamchi sifatida JK 28-moddasi va tegishli qismi bo‘yicha javobgarlikka tortiladilar. Nazorat-kassa mashinalari fiskal xotirasi xizmati dasturiga noqonuniy o‘zgartirish kiritish yo‘li bilan daromad (foyda)ni yashirishda soliq to‘lovchiga ko‘maklashgan shaxslar ham soliqlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlashda ishtirokchi sifatida javobgarlikka tortiladilar. Soliq yoki boshqa to‘lovlardan bo‘yin tovlash oqibatida yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashda jinoyat tugallangan davrdagi bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqish lozim. Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, nodavlat tijorat yoki boshqa nodavlat tashkilotlari mansabdor shaxslarining soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashda qasddan ko‘maklashishga qaratilgan harakatlari jinoyatda ishtirokchilik sifatida JK 28-moddasi hamda JK 184-moddasining tegishli qismi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi, agar ayni paytda ular g‘araz yoki boshqa shaxsiy manfaatlarni ko‘zlagan yoki shu maqsadlarda jinoyatlarni yashirishda ko‘maklashgan bo‘lsalar, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining harakatlari, shuningdek Jinoyat kodeksining boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddalari (JK 205, 209, 210-moddalari) bilan javobgarlikka tortiladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003 yil 6 iyundagi “Soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonunlarning sudlar tomonidan qo‘llanilishi haqida”gi 6-sonli qarorida foyda (daromad)ni qasddan yashirishning quyidagi belgilari qayd etilgan:
 hujjatlarni soxtalashtirish (o‘chirish, g‘ayriqonuniy tuzatish); qalbaki boshlang‘ich buxgalteriya hujjatlaridan foydalanish;
 foydalanilmagan moddiy xarajatlarni ishlab chiqarish hisobiga qo‘shib hisobdan chiqarish;
 korxonada ishlamaydigan, lekin hisobda turadigan xodimlarga ish haqi yozish yo‘li bilan mehnatga haq to‘lash xarajatlarini oshirish;
 sotishdan olingan tushumni hisobot davridan keyingi davrga o‘tkazish (sotish hajmini va daromad (foyda)ni qasddan kamaytirish);
 moddiy, yoqilg‘i-energetika resurslari xarajatlarini va amortizatsiya (eskirish) miqdorini sun’iy ravishda oshirish yoki normativ (limit)larni noto‘g‘ri qo‘llash;
 hujjatlarni yo‘q qilish yoki ularni taqdim etishni rad etish;
 buxgalteriya hujjatlari va boshqa hujjatlar bilan tegishli ravishda rasmiylashtirilmagan mahsulot (tovar)larni sotish;
 davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan va soliq organlarida hisobda turmasdan xo‘jalik faoliyatini yuritish;
 davlat soliq xizmati organining yozma bildirgisi mavjud bo‘lgani holda ikki va undan ortiq manbalardan daromad oluvchi jismoniy shaxslar tomonidan barcha daromadlari haqida deklaratsiya taqdim etmaslik va boshqalardir.
Byudjet intizomini buzish – byudjet talablariga rioya etmaslik natijasida byudjetda asossiz taqchillik paydo boʼlishi, talab qilingan vositalar, mablagʼlar b-n muhtoj boʼlgan muassasa va tashkilotlarni taʼminlanmasligi. Byudjet intizomini
buzish davlat mablagʼlarini samarali, toʼliq natija bilan va oʼz oʼrnida ishlatishga imkon bermaydi. Buning natijasida aholining alohida qatlamlari orasida boqimandalik, norozilik muhiti shakllanadi, oʼtkazilayotgan islohotlarni jamiyat idrok qilishiga salbiy taʼsir qiladi, ularni obroʼsizlantiradi. Byudjet intizomini buzish foyda (daromad) yoki soliq solinadigan boshqa obʼektlarni yashirish, kamaytirib koʼrsatish, shuningdek, davlat tomonidan belgilangan soliqlarni, yigʼimlarni, boj yoki boshqa toʼlovlarni toʼlashdan qasddan boʼyin tovlashda ifodalanadi.
Maʼlumotga koʼra, oʼtgan 9 oy davomida Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi muassasalari tomonidan byudjet intizomini buzish holatlari 18,9 mlrd. soʼmni tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan qonunbuzilish holatlari 9,8 mlrd.soʼmga (2 marta) koʼpaygan. Shuningdek, Oliy va oʼrta maxsus taʼlimi vazirligi tizimi tashkilotlarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 12,1 mlrd.soʼmni tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan 10,4 mlrd. soʼmga (7 marta), Maktabgacha taʼlim vazirligi tizimidagi muassasalarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 6,6 mlrd.soʼmni tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan 3,5 mlrd.soʼmga (2 marta) koʼpaygan. Shu bilan birga, hisobot davrida Sogʼliqni saqlash vazirligi muassasalarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari 10,2 mlrd. soʼmni tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan (10,7 mlrd. soʼm) kamaygan boʼlsada, yirik miqdorda qonun buzilish holatlari saqlanib qolmoqda.
Moliyaviy yilda byudjet va smeta-shtat intizomini buzganlik uchun javobgarlikning turi va hajmi uning qanday miqdorda sodir etilganiga bogʼliq boʼlib, ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortiladi. Quyidagi hollarda ma’muriy:
1. Moliya yilida byudjet va smeta-shtat intizomini buzish uncha koʼp boʼlmagan miqdorda sodir etilsa (30 dan 100 BHgacha); mansabdor shaxslarga jarima - BHning 3 dan 5 barobarigacha
2. Xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʼllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʼlsa yoxud ancha miqdorda sodir etilgan boʼlsa (100 dan 300 BHgacha); mansabdor shaxslarga jarima - BHning 5 dan 10 barobarigacha
Quyidagi hollarda jinoiy:
1. Moliya yilida byudjet va smeta-shtat intizomini buzish koʼp miqdorda sodir etilgan boʼlsa (300 dan 500 BHgacha); BHning 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha qamoq jazosi.
2. Oʼsha qilmish juda koʼp miqdorda sodir etilgan boʼlsa (500 BH va undan ortiq); BHning 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi.
Muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan hozirgi kunda mamlakatimizda bu kabi hodisalar sodir qilinishi kamaytirilishi maqsadida soliq tizimini isloh qilish konsepsiyasi, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining "Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 iyuldagi PQ-4389-sonli qarori va shu kabi bir qator qonunlar shular jumlasidandir.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati.
1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 51-modda. 2. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 28, 174, 184, 205, 209, 210-moddalari.
3. “Soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4389 sonli Qarori. 2019 yil 10 iyul.
4. “Soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikka oid qonunchilikning sudlar tomonidan qo‘llanilishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 8-son Qarori. 2013 yil. 31 may.
5. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 12-moddasi.
6. Asatullayev X.S., Kalandarov R.A. “Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashishning milliy va xalqaro tizimi” fanidan O‘quv-uslubiy majmua.-T.:TMI, 2019
7. http://darakchi.uz/index.php/uz/76087

##plugins.themes.bootstrap3.article.details##

Как цитировать
B. Xolmurodov, B. X. (2019). SOLIQLAR VA BOSHQA MAJBURIY TO’LOVLARNI TO’LASHDAN BO’YIN TOVLASH HAMDA BYUDJET MABLAG’LARINI TALON TAROJ QILISHGA QARSHI KURASH. Мамлакат иқтисодий хавфсизлигини таъминлашнинг устувор йўналишлари, 1(4), 3. извлечено от https://ejournal.tsue.uz/index.php/iqtisodiy_xavfsizlik/article/view/82